Inson huquqlarini ta’minlash — bosh maqsadimiz
Yurtimizda inson huquq va erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga hamohang tarzda faoliyat yuritayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ham shu kabi ezgu ishlarni amalga oshirishga kamarbastalik qilmoqda. Joriy yil 31 oktyabrь kuni Markaz tashkil etilganligiga 18 yil to‘ladi. O‘tgan davr mobaynida mazkur Markaz o‘z oldidagi o‘ta dolzarb sanalgan milliy harakat rejasini tuzish, Konstitutsiyamiz, qonunlar va inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yorlari qoidalarini amalga oshirish strategiyasini ishlab chiqish, inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorligini rivojlantirish, mamlakatimizda inson huquqlariga rioya etilishi va bu huquqlarning muhofaza qilinishi yuzasidan milliy ma’ruzalar tayyorlash, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha jamoat birlashmalariga maslahatlar berish, inson huquqlarini rag‘batlantirish va muhofaza qilishning turli jihatlari yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazish kabi vazifalarni muvaffaqiyatli ado etib kelmoqda.
O‘zbekistonda qisqa tarixiy muddat ichida milliy davlatchilikni shakllantirishning huquqiy asoslari yaratildi. Mamlakatimiz barcha rivojlangan huquqiy davlatlardagi kabi uch hokimiyatga, ya’ni qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga taqsimlandi. Xalq farovonligi yo‘lida kuchli huquqiy davlatdan fuqarolik jamiyati sari ildam qadam qo‘yish maqsadida erkin bozor munosabatlariga asoslangan kuchli iqtisodiyot barpo etildi. Shu tariqa, yurtimiz xalqaro huquqning to‘laqonli va teng huquqli sub’ektiga aylandi. Albatta, bularning barchasiga Prezidentimiz Islom Karimovning jonkuyarligi, tashabbuskorligi va rahnamoligi evaziga erishildi.
Inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning ta’sirli vositasini barpo etish, xalqaro tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni kengaytirish, davlat muassasalari xodimlari va aholining inson huquqlari bo‘yicha madaniyatini oshirish maqsadida BMTning Inson huquqlari va boshqaruv tizimini demokratiyalashni qo‘llab-quvvatlash dasturiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 31 oktyabrdagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tuzildi. Farmonda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning maqsad va asosiy vazifalari aniq belgilab qo‘yildi.
1996 yil 13 noyabrdagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori Milliy markaz faoliyatining tashkiliy-huquqiy asosi hisoblanadi. Ushbu qaror orqali Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risidagi Nizom va Milliy markaz tuzilmasi tasdiqlangan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi davlatga qarashli idoralararo tahlil, tushuntirish va muvofiqlashtirish organi hisoblanadi. Ya’ni, mazkur organ inson huquqlari sohasida davlat boshqaruv organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, inson huquqlari sohasidagi ishlar milliy rejasini ishlab chiqadi, O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy ma’ruzalarini tayyorlaydi, davlat xizmatchilari uchun esa inson huquqlari muhofazasi sohasida axborot bazasini yaratadi, ularni o‘qitadi, maslahatlar beradi, tashviqot ishlarini olib boradi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Markazning asosiy maqsadi bu ustuvor vazifalarni har tomonlama hal etish yo‘li bilan Inson huquqlari sohasidagi Milliy faoliyat dasturini, huquq va erkinliklarni himoya etishning ko‘p jihatli tizimini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishdan iborat.
Shu o‘rinda, Milliy markazning xalqaro hamkorligiga ham to‘xtalib o‘tish joiz. Xususan, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot Dasturi, EXHTning O‘zbekistondagi Loyihalar Koordinatori, Xalqaro mehnat tashkiloti, O‘zbekistondagi Evropa Ittifoqi delegatsiyasi, YuNESKO, YuNISEF, Xorijiy mamlakatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari, qator xalqaro jamg‘armalarning vakolatxonalari bilan samarali hamkorlik
o‘rnatilgan. Xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda respublikamizda inson huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlash, himoya qilish va rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan turli loyihalar amalga oshiriladi.
Hozirda Markazning Axborot-huquq bo‘limi huzurida Markaziy Osiyoda yagona ixtisoslashtirilgan Inson huquqlari bo‘yicha ommaviy kutubxona faoliyat yuritadi. Mazkur kutubxona o‘zbek va xorijiy tillarda nashr etilgan kitoblar, jurnallar va boshqa adabiyotlardan iborat bo‘lib, 5 mingdan ziyod nomdagi inson huquqlariga doir kitob fondiga ega. Markaz tomonidan inson huquqlari bo‘yicha 150 dan ziyod to‘plamlar, kitoblar va boshqa adabiyotlar davlat tilida ko‘p ming adadda chop etildi.
Jaloliddin Husenov, Buxoro viloyat ma’muriy sudi sudyasi