Parlament saylovidagi o’zgarishlar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar 2024-yilning 27-oktabr sanasida bo‘lib oʻtadi.

Saylovda 5 ta siyosiy partiyalar – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyalari ishtirok etadi.

Qayd etish joizki, bu yilgi saylovlar “Mening tanlovim – Obod Vatanim” shiori ostida oʻtkazilishi belgilangan.

Keyingi yillarda parlamentimiz hamda davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatida izchil yangilanishlar, jumladan, davlat boshqaruvida siyosiy partiyalar rolini yanada kuchaytirish, vakillik organlariga saylangan deputat va senatorlarning parlament hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatidagi masʼuliyati va faolligini oshirish borasida tizimli huquqiy islohotlar olib borilmoqda.

Jumladan bu yil bo‘lib o‘tadigan saylovlardagi eng katta o‘zgarish – bu saylovlarning aralash saylov tizimida olib borilishidir.

Bungacha o‘tkazilgan saylovlar majoritar saylov tizimida o‘tkazilgan. Ushbu saylov tizimiga to‘xtaladigan bo‘lsak, majoritar saylov tizimi davlat hokimiyati va mahalliy hokimiyat vakillik organlarini (parlament, xalq deputatlari mahalliy kengashlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqalar), shuningdek, davlat rahbarini saylash uchun o‘tkaziladigan saylov tizimi bo‘lib, unda, asosan, bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Kam ovoz olgan nomzodlar uchun berilgan saylovchilar ovozi inobatga olinmaydi.

Aralash saylov tizimi esa, o‘zida ikkita — proporsional va majoritar saylov tizimini uyg‘unlashtirgan bo‘lib, unda vakillik organidagi deputatlik o‘rinlarining bir qismi deputatlikka nomzodlarning partiya ro‘yxatiga muvofiq siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda, ikkinchi qismi esa bevosita siyosiy partiya tomonidan bir mandatli saylov okruglaridan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlarga berilgan ovozlar natijasiga ko‘ra taqsimlanadi.

Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy yil oktabrda rejalashtirilgan saylovi ham aynan aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Bunda Qonunchilik palatasining 75 deputati avvalgidek bevosita bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 deputat siyosiy partiyalarning saylovda olgan ovozlari soniga proporsional tarzda, partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlar ro‘yxati bo‘yicha saylanadi.

Majoritar saylov tizimi bo‘yicha siyosiy partiya bir mandatli saylov okruglarining har biridan bittadan, jami 75 ta deputatlikka nomzodni ko‘rsatish huquqiga ega. Proporsional saylov tizimida yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning ro‘yxatiga kamida 75 ko‘pi bilan 100 nafar nomzod kiritilishi lozim.

Bugungi kunda aralash saylov tizimi dunyo mamlakatlarida tobora ommaviylashib borayotganini kuzatish mumkin. Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi yillarda majoritar va proporsional saylov tizimlarining eng yaxshi jihatlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish maqsadida Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bir qator davlatlarda aralash saylov tizimini joriy qilish tendensiyasi kuchaymoqda.

Shunday qilib, aralash saylov tizimi jamiyatdagi mavjud barcha siyosiy kuchlar ishtiroki va muvozanatini aks ettiruvchi professional parlamentni shakllantirish imkonini beradi. Bunda qonun ijodkorligi faoliyatining sifati va samaradorligi ham oshadi, zero, aralash tizim asosida saylangan deputatlar korpusi amaldagi qonunchilikni takomillashtirishga ancha faolroq tayyorgarlik ko‘rgani bois, ularning qonun loyihalarini tayyorlash va ularni amalga oshirish bo‘yicha talablari ham shunchalik yuqori bo‘ladi.

Eng muhimi, aralash saylov tizimi siyosiy jarayonlar uzviyligini va siyosiy an’analar bardavomligini ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, siyosiy institutlarning bir maromda, barqaror  faoliyat yuritishiga, siyosiy tizimda demokratik tamoyillar va qadriyatlarning ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Buxoro viloyat ma’muriy sudi sudya katta yordamchisi Sh.Salomov