O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Oliy Majlis O‘zbekiston Respublikasining eng yuqori qonun chiqaruvchi organidir. U ikki palatadan iborat: Qonunchilik palatasi (pastki palata) va Senat (yuqori palata). Oliy Majlisning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

1. Qonun chiqarish: Oliy Majlis yangi qonunlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi, shuningdek, mavjud qonunlarga o‘zgartirishlar kiritadi.

2. Budjetni tasdiqlash: Oliy Majlis davlat budjetini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi, bu esa mamlakat iqtisodiy siyosatini belgilaydi.

3. Ijro etuvchi hokimiyatni nazorat qilish: Oliy Majlis hukumat faoliyatini nazorat qiladi va ijro etuvchi hokimiyatning hisobotlarini tinglaydi.

4. Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash: Oliy Majlis xalqaro shartnomalarni tasdiqlash huquqiga ega.

Qonunchilik palatasida 150 deputat bo‘lib qonunchilikda belgilangan tartibda saylovlar orqali saylanadi. Senatda  Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to‘rt kishidan saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqiz nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat:

1) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

2) O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;

3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash;

4) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan, shuningdek Vazirlar Mahkamasi a’zolarining o‘z faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish;

5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash;

6) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari bo‘yicha har yilgi ma’ruzasini eshitish;

7) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish;

8) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash;

9) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish;

10) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;

11) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish;

12) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin.

Oliy Majlisning faoliyati O‘zbekistonning siyosiy hayotida muhim rol o‘ynaydi va mamlakatning rivojlanishida katta ahamiyatga ega.

Buxoro tumanlararo ma’muriy

sudining raisi:                                                                     A.B.Bobomurodov

Buxoro tumanlararo ma’muriy

sudining sudyasi:                                                                                I.I.Xolov