Huquqbuzarliklar

Huquqbuzarliklarning xususiyati va belgilariga qarab to‘rtta guruhga ajratib olish mumkin. Bular: jinoiy, ma’muriy, intizomiy va fuqaroviy huquqbuzarliklardir. Ana shu  huquqbuzarliklar ichida bir-biriga nisbatan o‘xshashroq bo‘lgani jinoiy va ma’muriy huquq  buzarliklardir. Ularning tajovuz qilish obyektlari ham ko‘p hollarda bir  xil. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2-moddasida jinoyat  qonuni  bilan  qo‘riqlanadigan  obyektlar ko‘rsatilgan bo‘lib, shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzdan qo‘riqlash nazarda tutilsa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 10-moddasida shaxsga, fuqarolarning huquqlariga va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi qonuniy aybli qilmishlar nazarda tutiladi. Jinoiy javobgarlik jinoyat kodeksida ta’qiqlangan qilmish sodir etilgan taqdirdagina qo‘llanadigan javobgarlikning eng og‘ir turidir. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi jinoyat kodeksi 16-moddasida, jinoyat uchun javobgarlik —jinoyat  sodir etishda  aybdor bo‘lgan  shaxsga nisbatan  sud tomonidan hukm qilish, jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishida ifodalanadigan jinoyat sodir etishning huquqiy oqibatidir.

Jinoyat sodir qilish paytida qonunda belgilangan yoshga yetgan shaxslargina jinoyatning subyekti bo‘ladilar. Qonunda belgilangan yoshga yetmagan kichik yoshdagilar o‘zlarining yoshi, ruhiy va jismoniy rivojlanishijihatidan o‘z qilmishlari uchun hali to‘la javob bera olmaydilar, o‘z harakat (yoki harakatsizlik)larini to‘la boshqara olmaydilar. O‘n to‘rt yoshga to‘lmaganlar kichik yoshdagilar hisoblanib, o‘z harakatlarining ijtimoiy xavfliligini, jinoyat  ekanligini (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish bundan mustasno) hali to‘la anglab yeta olmaydi. O‘n to‘rt yoshga to‘lganlar esa ayrim qilmishlarning jinoyat ekanligini anglaydi, o‘z harakatlarini to‘la boshqara oladi. Shuning uchun jinoyat kodeksining 17-moddasida o‘n to‘rt yoshdan jinoyat subyekti bo‘lishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning ro‘yxati berilgan. O‘zbekiston  Respublikasining  Jinoyat  kodeksida  o‘n  sakkiz  yoshga to‘lmasdan  jinoyat  sodir  etgan  shaxslarga  jarima  axloq  tuzatish  ishlari, qamoq, ozodlikdan mahrum qilish kabi asosiy jazolar qo‘llanilishi mumkin. Voyaga yetmaganlarga qo‘shimcha jazolar tayinlanishi mumkin emas. Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarning jinoyat sodir etishi jazoning yengillashtiruvchi holati (55-modda), yosh bola shaxsiga nisbatan jinoyat sodir etish, jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat deb belgilanadi. Endi har bir jazo chorasi haqida alohida to‘xtalib o‘tsak:

Jarima—bu jinoyat qilgan insondan davlat hisobiga pul undirishdir. Jarima faqat 16 yoshga to‘lgan voyaga  yetmaganlargagina eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda tayinlanadi.

Axloq tuzatish ishlari jazosi—mehnatga qodir, voyaga yetmaganni mehnatga majburan jalb qilishdan iborat. Voyaga yetmaganlarga bu jazo turi bir oydan bir yilgacha muddatga tayinlanadi.

Ozodlikni cheklash —bu jazo voyaga etmagan maxbuslarga nisbatan asosiy jazo chorasi sifatida 6 oydan 2 yilgacha muddatga belgilanadi.

Majburiy jamoat ishlari—faqat mehnatga layoqatli voyaga yetmaganlarga nisbatan 60 soatdan 240 soatgacha bo‘lgan muddatga tayinlanadi.

Ozodlikdan mahrum qilish—bu jazo turi voyaga yetmaganlarga nisbatan 6 oydan 10 yilgacha muddatga tayinlanadi. Umuman,  ozodlikdan  mahrum qilish 13 yoshdan boshlab qo‘llaniladi. Bunda jazolanuvchilarning jinsi ham e’tiborga olinadi. 18 yoshga to‘lmagan erkaklarga ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy yoki kuchaytirilgan tartibli tarbiya koloniyalarida o‘tash tayinlanadi. Qizlarga nisbatan esa, jazoni umumiy tartibli tarbiya koloniyalarida o‘tash tayinlanadi. Sud voyaga yetmaganlarga jazo tayinlashda, voyaga yetmaganlarning rivojlanganlik darajasi, turmush sharoiti va tarbiyasini, sog‘lig‘ini, katta yoshdagilarning ta’sirini, o‘z xatti-harakati ahamiyatini toʻliq anglamasligi aniqlasa, jazo majburiy chora bilan almashtiriladi. Voyaga yetmaganlarga nisbatan kattalarning (18 yoshdan oshgan) mas’uliyatlari ham oshirilgan. Xususan, kattalar voyaga yetmaganlarni tilanchilikka, spirtli ichimliklar ichishga jalb qilsa 3 yilgacha, giyohvand moddalar iste’mol qilishga jalb qilsa 3 yildan 5 yilgacha, jinoyat sodir etishga jalb qilsa, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadilar. Muayyan shaxsni,  ayniqsa, voyaga yetmagan shaxsni, jinoiy javobgarlikka tortish uchun sodir qilgan jinoyatini isbotlovchi hujjatlar yetarli, asoslantirilgan, yuridik jihatdan ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lishi kerak. Jinoyat qilgunga qadar o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsning jinoyati haqidagi ishlar bo‘yicha quyidagilar ham aniqlanishi lozim: 1) ayblanuvchining aniq yoshi (tug‘ilgan yili, oyi, kuni); 2) uning shaxsiga xos xususiyatlar va salomatligi holati; 3) uning turmush va tarbiyalanish sharoitlari; 4) katta yoshli dalolatchilar va boshqa ishtirokchilarning bor yoki yo‘qligi.

Voyaga yetmaganning jinoyatlari haqidagi ishni yuritishda qonuniy vakilning yoki vasiylik va homiylik organining vakilining qatnashishi shart. Shu bilan birga voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishda himoyachi ham ishtirok etishi lozim. Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini, ayblanuvchini so‘roq qilishga ketgan umumiy vaqt, kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda, olti soatdan oshmasligi kerak. Sud voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlar ko‘riladigan vaqt va joy haqida ularning ota-onasini, ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslarni, voyaga yetmaganlar o‘qigan yoki ishlagan korxonani, muassasani, tashkilotni, voyaga yetmaganlarning ishi bilan shug‘ullanuvchi komissiyani, zarur bo‘lsa, boshqa tashkilotlarni ham xabardor qiladi. Sud  bu  tashkilotlarning  vakillarini,  sudlanuvchining  vasiy  yoki  homiysini sud  majlisiga  chaqirishga  haqlidir. Voyaga  yetmagan  ayblanuvchiga  nisbatan qo‘llaniladigan  ehtiyot  choralari  Jinoyat  protsessual  Kodeksining  236-moddasida nazarda  tutilgan  asoslar  bo‘lgan  taqdirda  ehtiyot  chorasi  sifatida  qamoqqa  olish voyaga yetmagan shaxsga nisbatan faqat unga besh yildan ortiq muddatga ozodlik dan mahrum qilish tayinlanishi mumkin bo‘lgan qasddan jinoyat sodir  etganlikda ayb e’lon qilingan hamda ayblanuvchining munosib xulq-atvorda bo‘lishini boshqa ehtiyot choralari ta’minlay olmaydigan taqdirda qo‘llanilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxsga ayblov e’lon qilish vaqtida himoyachi bilan bir qatorda voyaga  yetmagan  shaxsning  qonuniy  vakili  ham  ishtirok  etishi  mumkin

Buxoro tumanlararo ma’muriy

sudining raisi:                                                                     A.B.Bobomurodov

Buxoro tumanlararo ma’muriy

sudining sudyasi:                                                                                I.I.Xolov