O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Oliy Majlis O‘zbekiston Respublikasining eng yuqori qonun chiqaruvchi organidir. U ikki palatadan iborat: Qonunchilik palatasi (pastki palata) va Senat (yuqori palata). Oliy Majlisning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1. Qonun chiqarish: Oliy Majlis yangi qonunlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi, shuningdek, mavjud qonunlarga o‘zgartirishlar kiritadi.
2. Budjetni tasdiqlash: Oliy Majlis davlat budjetini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi, bu esa mamlakat iqtisodiy siyosatini belgilaydi.
3. Ijro etuvchi hokimiyatni nazorat qilish: Oliy Majlis hukumat faoliyatini nazorat qiladi va ijro etuvchi hokimiyatning hisobotlarini tinglaydi.
4. Xalqaro shartnomalarni tasdiqlash: Oliy Majlis xalqaro shartnomalarni tasdiqlash huquqiga ega.
Qonunchilik palatasida 150 deputat bo‘lib qonunchilikda belgilangan tartibda saylovlar orqali saylanadi. Senatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to‘rt kishidan saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqiz nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat:
1) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
2) O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
3) xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish;
4) O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish;
5) O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
6) O‘zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash;
7) O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
8) bojxona, valyuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish;
9) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
10) O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash;
11) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish;
12) O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, chegaralarini o‘zgartirish;
13) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish;
14) davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish;
15) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
16) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini va uning o‘rinbosarini saylash;
17) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash;
18) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
19) O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy ma’ruzani eshitish;
20) parlament tekshiruvini o‘tkazish;
21) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, so‘ngra Senatida ko‘rib chiqiladi.
Oliy Majlisning faoliyati O‘zbekistonning siyosiy hayotida muhim rol o‘ynaydi va mamlakatning rivojlanishida katta ahamiyatga ega.
Buxoro tumanlararo ma’muriy
sudining raisi: A.B.Bobomurodov
Buxoro tumanlararo ma’muriy
sudining sudyasi: I.I.Xolov