Farg‘onada 1 ming 78 nafar muqaddam sudlangan shaxs yana jinoyatga qo‘l urgan
Farg‘onada sudlar tomonidan o‘tgan yilda 6 nafar fuqaroga nisbatan tergov organi tomonidan qo‘yilgan nohaq ayblovlar bekor qilinib, ularning barchasiga birinchi instansiya sudlari oqlov hukmlarini chiqargan.
Shuningdek, ushbu davrda 719 nafar shaxsga nisbatan 470 ta jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblov o‘zgartirilib (modda to‘liq ayblovdan chiqarilgan, modda qismi yoki bandi chiqarilgan yoki boshqa moddaga malakalanib hukm chiqarilgan) hukm o‘qildi.
Bu ma’lumotni Farg‘ona viloyati sudi raisi Shuhrat Kamolov xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasidagi viloyatda sudlar tomonidan fuqarolar huquqlari va erkinliklari, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilish borasida 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yilda ko‘riladigan chora-tadbirlar haqidagi axborotida aytib o‘tdi.
Odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida viloyat sudlari tomonidan 2020 yil davomida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, o‘tgan yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi va tuman (shahar) sudlari tomonidan jami 5 ming 282 nafar shaxsga nisbatan 4 ming 310 ta jinoyat ishi tamomlangan.
Tahlillar sudda ko‘rilgan mazkur shaxslarning 1 ming 78 nafari yoki 20,4 foizi muqaddam sudlangan shaxslar ekani, shuningdek, jinoyatlar asosan ichkilikbozlik, ishsizlik, oilaviy va qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar oqibatida kelib chiqayotganligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining 2020 yil 3 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, A.Kojanova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 97-moddasining 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan Jinoyat Kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchining shaxsiga oid ma’lumotlar o‘rganilganida A.Kojanova muqaddam bir necha bor sudlanganligi, jinoyat sodir qilingan vaqtda vaqtincha ishsiz bo‘lgani, nikohi sud tomonidan bekor qilingan bo‘lib, 3 nafar farzandi borligi, Farg‘ona shahri, Yuksalish ko‘chasi, 84-uy, 5-xonadonda doimiy ro‘yxatda tursada, jinoyat sodir etilgan vaqtda Farg‘ona shahri, A.Yassaviy ko‘chasi, 40/B-ko‘p qavatli uy balkoni ostida yashab kelgani ma’lum bo‘ldi.
Bu esa, o‘z navbatida, ichki ishlar idoralari xodimlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari hamkorligida joylarda aholi o‘rtasida, xususan, muqaddam sudlanganlar bilan profilaktik tadbirlar yetarli darajada olib borilmayotganligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar tomonidan mazkur fuqaroning muammolariga yetarlicha e’tibor qaratilmaganligidan, uni ish va yashash joyi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmaganligidan dalolat beradi.