Buxoro viloyati ma’muriy  sudida “Ochiq eshiklar kuni»

Buxoro viloyat ma’muriy sudida Buxoro viloyat yuridik texnikum o‘quvchilari uchun ochiq eshiklar kuni tashkil qilindi.Ochiq eshiklar kunida o‘quvchilar viloyat sudining sud zali, arxiv xonasi, devonxona, kabi xonalar bilan tanishib chiqishdi.  

B. Ibragimov tomonidan  o‘quvchilarga yurtimizda huquqiy demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini, jumladan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-yanvardagi PF-5618-sonli «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to’g’risida»gi farmoni qabul qilinganligini, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar bilan uyg’un ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, aholini, ayniqsa, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish bo’yicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirish lozimligini takidladi.

Buxoro viloyat ma‘muriy sudi sudayasi D.Choriyev  tomonidan o‘quvchi – yoshlarga ummumiy yurisdiksiya sudlari va ularning vazifalari va sud tizimidagi islohatlar aytib o‘tildi.

Shu bilan birga o‘z kasbining qanchalik mashaqatli ekanligi haqida to‘xtalar ekan, kun davomida amalga oshiradigan ishlarini sanab o‘tib, o‘zining shaxsiy hayoti haqida ham qisqacha ma’lumot berdi.

Ochiq eshiklar kuni yuqori tassurotlarga boy holda o‘tildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad yoshlar ongida huquqiy madaniyat va huquqiy ongni shaklantish qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash va amaliy bilimlarini o‘quvchilarni texnikumdagi dars jarayonlarida qo‘llash bo‘yicha tushunchalar berib o‘tildi.

Buxoro viloyat ma’muriy sudi sudyasi B.Sadullayev

Ma’muriy harakat va protsessual harakat ma’muriy tartib-taomilda

Hujjatning ma’muriy harakatlar va protsessual hujjatlardan farqi Ma’muriy harakatlar – ma’muriy organning jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan ma’muriy- huquqiy faoliyat sohasida amalga oshirilgan, yuridik ahamiyatga ega harakatlari (harakatsizligi). Protsessual hujjat esa ma’muriy organ tomonidan ma’muriy ish yuritish davomida qabul qilinadigan, ma’muriy ishni mazmunan hal etmaydigan hujjatlar hisoblanadi. Protsessual hujjatlar ma’muriy hujjat qabul qilinmasdan avval ma’muriy ishni ko‘rib chiqish jarayonida qabul qilinadi. Protsessual hujjat ishni tugal shaklda hal qilib bermaydi. Masalan, litsenziya talab etiladigan faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tegishli ma’muriy organning qarorini olish uchun murojaat qilish ma’muriy-huquqiy munosabatdir. Ma’muriy organ tomonidan qabul qilingan qaror ma’muriy hujjat bo‘lsa, qaror qabul qilingungacha bo‘lgan bosqichda ishni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq qabul qilinadigan hujjat protsessual hujjat hisoblanadi. Demak, ma’muriy hujjatlar boshqa hujjatlardan farq qilar ekan. Shunga ko‘ra ma’muriy hujjatlarni o‘zgartirish, bekor qilish va haqiyqiy emas deb topishning o‘ziga xos jihatlari mavjud. O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuniga binoan Ma’muriy hujjat manfaatdor shaxsning arizasi yoki ma’muriy shikoyatiga ko‘ra ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organ, yuqori turuvchi ma’muriy organ tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa organlar tomonidan ham bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Ushbu qonunga asosan ma’muriy hujjatni bekor qilish va o‘zgartirish uchun tashabbus manfaatdor shaxslar va hujjatni qabul qilgan organ tomonidan ham qabul qilinishi mumkin. Ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish zaruriyati qonun hujjatlaridagi o‘zgartishlar, jamoat manfaatlariga bo‘lgan tahdidning oldini olish, ma’muriy hujjatning qonun hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlanganligi sababli yuzaga kelgan hollarda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ma’muriy organ o‘zi qabul qilgan ma’muriy hujjatni o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yoki o‘zgartirishga haqli hisoblanadi. Lekin ayrim hollarda ma’muriy hujjatni bekor qilish faqatgina sud tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy: qaysi hollarda ma’muriy hujjat sud va ma’muriy organ tomonidan bekor qilinadi? Ma’muriy hujjatni faqat sud tomonidan bekor qilish qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilishi kerak.

Ma’muriy organ tomonidan esa quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:  qonun talablariga muvofiq yoki bunday imkoniyat bevosita ma’muriy hujjatning o‘zida nazarda tutilgan bo‘lsa;        

  – agar keyinchalik o‘zgargan haqiqiy holatlar tufayli yoki qonun hujjatlaridagi o‘zgartishlar asosida jamoat manfaatlariga zarar yetishining oldini

olish maqsadida ma’muriy hujjatni bekor qilish zarur bo‘lsa;  

  – agar ma’muriy hujjat bilan qo‘shimcha maj- buriyatlar bog‘liq bo‘lsa va manfaatdor shaxs ularni bajarmagan bo‘lsa;        

   agar manfaatdor shaxs ma’muriy hujjat asosida o‘ziga berilgan pul mablag‘laridan, buyumdan yoki huquqdan maqsadli foydalanmayotgan bo‘lsa;

agar ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish ushbu hujjat yuborilgan manfaatdor shaxs foydasiga amalga oshirilsa va bunda boshqa manfaatdor shaxslarga qiyinchilik tug‘ilmasa. Shuni ta’kidlash lozimki, xuddi shunday mazmundagi ma’muriy hujjatni takroran qabul qilish uchun boshqa asoslar mavjud bo‘lgan hollarda ma’muriy hujjatni tegishli asoslarda bekor qilishga yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jaloliddin Husenov, Buxoro viloyat ma’muriy sudi sudyasi

Jamiyatda sudning ahamiyati hamda davlat tomonidan sudlarga qaratilayotgan e’tibor

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida huquqiy davlatning muhim prinsipi – hokimiyatlar bo‘linishi mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, Asosiy qonunimizning 11-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar muhim maqsadga, ya’ni, hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini hayotga izchil tatbiq etish, hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyatining vakolatlari hamda nazorat vazifalarining rolini kuchaytirish, sud tizimini liberallashtirish va uning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha g‘oyat dolzarb chora-tadbirlarni ko‘rishga qaratilgan.

Ushbu prinsip hayotga joriy etilishi tufayli mamlakatimizda xalqchil va demokratik davlat hokimiyati tizimi shakllandi. Sud hokimiyati, jumladan, uning markaziy bo‘g‘ini – Konstitutsiyaviy sud davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i sifatida qaror topdi. Konstitutsiyaviy sud ayrim normativ-huquqiy hujjatlarning Asosiy qonunimizga mosligini aniqlash, Konstitutsiya va qonunlarning normalariga sharh berish, qonunchilik tashabbusini amalga oshirish vakolatlari vositasida hokimiyat tarmoqlari bo‘linishi prinsipini ta’minlash hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida izchil faoliyat yuritayotir.

Konferensiyada O‘zbekistonda hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini izchil va tizimli ravishda amalga oshirishda hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining ta’minlanayotgani davlat va jamiyat oldida turgan vazifalarni hal etishda muhim omil bo‘layotgani alohida qayd etildi.

Mahalliy va xorijiy ekspertlarning fikricha, konstitutsiyaviy odil sudlov – demokratik davlatchilikning muhim belgisidir. Konstitutsiyaviy odil sudlov konstitutsiyaviy nazoratning oliy shakli bo‘lib, zamonaviy demokratik davlatchilikning alohida talabi, zarur instituti hisoblanadi. Konstitutsiyaning ustunligini ta’minlash hamda qonuniylik muhitini yaratish inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlashning ishonchli garovidir.

Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Chang Jong Kimning fikricha, konstitutsiyaviy nazorat organlarining vakolatlarini kengaytirish, institutsional va vazifalarga doir mustaqilligini mustahkamlashga ko‘plab davlatlarda e’tibor qaratilmoqda. Ushbu idoralarning qarorlarini ijro etish bo‘yicha aniq mexanizmlarni joriy etish vositasida konstitutsiyaviy nazorat idoralarining hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini amalga oshirishdagi rolini kuchaytirish tendensiyasi kuzatilmoqda.

– O‘zbekistonda sud-huquq tizimi har tomonlama puxta o‘ylangan va xalqaro standartlarning eng ilg‘or tajribalarini o‘zida mujassam etgan tizimli institut sifatida shakllangan, – deydi Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Mixail Kleandrov. – Umumiy yurisdiksiya sudlarining ixtisoslashgani, hakamlik sudlari tarmog‘i shakllangani ishlarni sifatli va samarali ko‘rib chiqishga xizmat qilmoqda. Konstitutsiyaviy sud qonun hujjatlarining Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘rish orqali har bir hokimiyat tarmog‘ining o‘z vakolati doirasida ish yuritayotgani, ularning hujjatlarida inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilinganiga baho beradi. Bularning barchasi huquqiy davlatning muhim sharti hisoblangan qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy tizimni modernizatsiya etish jarayonlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi alohida o‘rin tutmoqda. Huquqiy tizimni, demokratik qadriyatlarni muhofaza qilishda, ularni xalqimiz turmush tarziga singdirishda e’tiborga molik ishlar amalga oshirilayotir. Kelgusida Konstitutsiyaviy sud faoliyatining yanada takomillashtirilishi sudlov jarayonlarining modernizatsiya qilinishi va demokratlashuviga, konstitutsiyaviy odil sudlovning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga, inson huquq va erkinliklarining samarali va o‘z vaqtida himoyalanishini mustahkamlashga qaratilishi lozim.

– O‘zbekistonda hokimiyatning har uchala tarmog‘i o‘ziga xos mukammal shakllantirilgan, – deydi Tailand Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Tvekiat Menakanist. – Ular o‘z vazifalarini qonunda belgilangan asosda hamda fuqarolar manfaati yo‘lida o‘zaro hamkorlikda olib borayotgani mamlakatda barqarorlik, farovonlik qaror topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jaloliddin Husenov, Buxoro viloyat ma’muriy sudi sudyasi

Farg‘onada 1 ming 78 nafar muqaddam sudlangan shaxs yana jinoyatga qo‘l urgan

Farg‘onada sudlar tomonidan o‘tgan yilda 6 nafar fuqaroga nisbatan tergov organi tomonidan qo‘yilgan nohaq ayblovlar bekor qilinib, ularning barchasiga birinchi instansiya sudlari oqlov hukmlarini chiqargan.

Shuningdek, ushbu davrda 719 nafar shaxsga nisbatan 470 ta jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblov o‘zgartirilib (modda to‘liq ayblovdan chiqarilgan, modda qismi yoki bandi chiqarilgan yoki boshqa moddaga malakalanib hukm chiqarilgan) hukm o‘qildi.

Bu ma’lumotni Farg‘ona viloyati sudi raisi Shuhrat Kamolov xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasidagi viloyatda sudlar tomonidan fuqarolar huquqlari va erkinliklari, shuningdek, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilish borasida 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yilda ko‘riladigan chora-tadbirlar haqidagi axborotida aytib o‘tdi.

Odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida viloyat sudlari tomonidan 2020 yil davomida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, o‘tgan yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi va tuman (shahar) sudlari tomonidan jami 5 ming 282 nafar shaxsga nisbatan 4 ming 310 ta jinoyat ishi tamomlangan.

Tahlillar sudda ko‘rilgan mazkur shaxslarning 1 ming 78 nafari yoki 20,4 foizi muqaddam sudlangan shaxslar ekani, shuningdek, jinoyatlar asosan ichkilikbozlik, ishsizlik, oilaviy va qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar oqibatida kelib chiqayotganligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining 2020 yil 3 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, A.Kojanova O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 97-moddasining 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan Jinoyat Kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sudlanuvchining shaxsiga oid ma’lumotlar o‘rganilganida A.Kojanova muqaddam bir necha bor sudlanganligi, jinoyat sodir qilingan vaqtda vaqtincha ishsiz bo‘lgani, nikohi sud tomonidan bekor qilingan bo‘lib, 3 nafar farzandi borligi, Farg‘ona shahri, Yuksalish ko‘chasi, 84-uy, 5-xonadonda doimiy ro‘yxatda tursada, jinoyat sodir etilgan vaqtda Farg‘ona shahri, A.Yassaviy ko‘chasi, 40/B-ko‘p qavatli uy balkoni ostida yashab kelgani ma’lum bo‘ldi.

Bu esa, o‘z navbatida, ichki ishlar idoralari xodimlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari hamkorligida joylarda aholi o‘rtasida, xususan, muqaddam sudlanganlar bilan profilaktik tadbirlar yetarli darajada olib borilmayotganligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, mutasaddi tashkilotlar tomonidan mazkur fuqaroning muammolariga yetarlicha e’tibor qaratilmaganligidan, uni ish va yashash joyi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmaganligidan dalolat beradi.

«So‘x voqealari» bo‘yicha barcha sudlanuvchilarning oxirgi so‘zi eshitildi

Farg‘onada o‘tgan yilning may oyida So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan ayblangan 22 nafar shaxs ustidan davom etayotgan sud jarayonida bugun barcha sudlanuvchilarning oxirgi so‘zi eshitildi.

Dastlabki tergov organi tomonidan ushbu shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) va 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayb e’lon qilinib, 9 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish va 13 nafariga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ulardan bir nafari voyaga yetmagan shaxsdir.

2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergan.

Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.

O‘tgan yilning noyabr oyidan buyon mazkur jinoyat ishini ko‘rish ishlari davom etayotgan bo‘lib, sud muhokamasi yakunlanmoqda.

Farg‘ona viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, “So‘x voqealari”ga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilib, ishni ko‘rishda 22 nafar sudlanuvchi, 36 nafar jabrlanuvchi va 21 nafar guvohlar so‘roq qilindi.

Prezident xalq qabulxonasi: qonuniylik va adolat

Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan ommaviy qabullarda Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining appelyasiya tartibidagi ochiq sud majlisida nohaq ayblanib, jarima jazosi tayinlangan 2 nafar shaxsga doir ish ham ko‘rib chiqildi.

Gʻuzor tumanida yashovchi Dilfuza Meylanovaning 8 yillik muammosi yechim topdi. 2012 yilda uy sharoitida tug‘ilgan farzandiga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani ololmayotgan ayolning muammosi adliya organlari tomonidan o‘rganilib, farzandiga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirib berildi.

Ommaviy qabullar davomida 50 dan ortiq fuqaro ishga joylashtirildi, 30 ga yaqin murojaatchiga imtiyozli kredit, 25 nafariga davolanish uchun order ajratildi. Ehtiyoji bo‘lgan fuqarolarga nogironlik aravachalari, protez-ortopediya buyumlari topshirildi.

Umumlashtirib aytganda, Qashqadaryo vohasi bo‘ylab kechgan jonli muloqotlar asnosida 1 ming 655 kishi ko‘targan 1 ming 678 ta masala o‘rganilib, ularning 572 tasi joyida hal etildi. 524 ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, qo‘shimcha vaqt va o‘rganish talab qiladigan 582 ta murojaat bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, nazoratga olindi. 

Ular 2015 yilda tazyiqlar ostida berilgan guvohliklar, asossiz ko‘rsatmalar bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudining hukmi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ya’ni, o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda, pora olish va berishda vositachilikni amalga oshirganlikda ayblanib sudlangan.

Ularning murojaatlari asosida olib borilgan qo‘shimcha tekshiruvlar, sud jarayonlari natijasida aybsizligi o‘z isbotini topdi va reabilitasiya qilish yo‘li bilan oqlandi.

Mirishkor tumani «Ayzabod» mahallasida istiqomat qiluvchi Yulduz Normurodova ham katta umidlar bilan ommaviy qabulga keldi. Ma’lum bo‘lishicha, uning to‘ng‘ich o‘g‘li 21 yoshida 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ayni paytgacha jazo muddatining 6 yilini o‘tagan farzandiga yengillik berishni so‘rab, Oliy sudga murojaat qildi. Uning arizasi Oliy sudda kassasiya tartibida ko‘rib chiqilishi ayolga umid baxsh etdi.

Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar o‘rtasida yuzaga kelgan nizoli ishlarni ko‘rishda imkon qadar taraflarni kelishtirishga e’tibor qaratilmoqda. Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasining da’vogar Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi qoshidagi Qurilish-montaj-ta’mirlash boshqarmasi unitar korxonasi manfaatini ko‘zlab javobgar “RAVON STROY CITY” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 2 milliard 878 million so‘mdan ziyod mablag‘ni undirish yuzasidan sud tashabbusi bo‘yicha tomonlar o‘rtasida nizo bartaraf etilib, kelishuv bitimi tuzilishiga erishildi.

Xitoylik investor tomonidan kiritilgan da’vo arizasi esa qanoatlantirilib, investor ishtirokidagi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi foydasiga 13 milliard 174 million so‘mdan ziyod mablag‘ni undirish to‘g‘risida iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining hal qiluv qarori qabul qilinib, investorning huquqlari tiklandi.

Qarshi shahrilik Dilafro‘z Xo‘jamurodova uyi yo‘qligi sababli 12 yildan buyon oilaviy yotoqxonada yashaydi. 4 nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i vafot etib, oila tashvishi, farzandlar tarbiyasi yolg‘iz o‘zining zimmasiga tushgan ayol ommaviy qabulga yashab turgan turar-joyini o‘z nomiga rasmiylashtirib berishda yordam so‘radi. Dilafro‘z Xo‘jamurodova hamda oilaviy yotoqxonada yashab kelayotgan yana 2 nafar ayolning murojaati ijobiy hal etildi.

Ommaviy qabullar jarayonida Oliy sudga 886 ta murojaat tushgan bo‘lsa, ularning 278 tasi joyida hal etildi, 280 ga yaqiniga asoslantirilgan tushuntirishlar berildi. Ijro uchun nazoratga olingan 239 ta murojaatdan 134 tasi bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassasiya tartibida hal qilish uchun qabul qilinib, tegishli sudlov hay’atiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazildi. 18 ta fuqaroning arizasi viloyat sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rish uchun qabul qilindi. 14 ta murojaat bo‘yicha da’vo arizasi birinchi instansiya sudining ish yurituviga qabul qilinib, nazoratga olindi. 141 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. 29 nafar shaxsga nisbatan aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarildi.

Ommaviy qabullarda Bosh prokuraturaga 360 nafar fuqaro turli masalalarda murojaat qilgan bo‘lsa, shundan 62 ta masala joyida hal qilindi. Murojaatlarning asosiy qismi tergov va surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy, uy-joy, moddiy yordam, kommunal soha yuzasidan bo‘ldi. Ish masalasida murojaat qilgan 21 nafar fuqaroning 4 nafari o‘ziga ma’qul bo‘lgan korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 17 nafari kasbga o‘qitishga yo‘naltirildi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan qabul jarayonlarida 155 nafar fuqaro bilan muloqotlar o‘tkazilib, ular tomonidan bildirilgan 49 ta masala joyida ijobiy hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 101 ta murojaat ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi.

«Ko‘hna voha tomorqa xizmati» MChJ rahbari Obidjon Xudoyberdiyev esa bojxona xizmati mas’ullariga xorijdan olib kelingan mandarin mahsulotini o‘z omboriga bojxona ta’minlov summasisiz tushirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Mahsulotni sifatli saqlash uchun jamiyatga qarashli omborda sharoit mavjudligi hisobga olinib, murojaat qanoatlantirildi.

Skip to content