Ma’muriy harakat va protsessual harakat ma’muriy tartib-taomilda
Hujjatning ma’muriy harakatlar va protsessual hujjatlardan farqi Ma’muriy harakatlar – ma’muriy organning jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan ma’muriy- huquqiy faoliyat sohasida amalga oshirilgan, yuridik ahamiyatga ega harakatlari (harakatsizligi). Protsessual hujjat esa ma’muriy organ tomonidan ma’muriy ish yuritish davomida qabul qilinadigan, ma’muriy ishni mazmunan hal etmaydigan hujjatlar hisoblanadi. Protsessual hujjatlar ma’muriy hujjat qabul qilinmasdan avval ma’muriy ishni ko‘rib chiqish jarayonida qabul qilinadi. Protsessual hujjat ishni tugal shaklda hal qilib bermaydi. Masalan, litsenziya talab etiladigan faoliyat bilan shug‘ullanish uchun tegishli ma’muriy organning qarorini olish uchun murojaat qilish ma’muriy-huquqiy munosabatdir. Ma’muriy organ tomonidan qabul qilingan qaror ma’muriy hujjat bo‘lsa, qaror qabul qilingungacha bo‘lgan bosqichda ishni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq qabul qilinadigan hujjat protsessual hujjat hisoblanadi. Demak, ma’muriy hujjatlar boshqa hujjatlardan farq qilar ekan. Shunga ko‘ra ma’muriy hujjatlarni o‘zgartirish, bekor qilish va haqiyqiy emas deb topishning o‘ziga xos jihatlari mavjud. O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuniga binoan Ma’muriy hujjat manfaatdor shaxsning arizasi yoki ma’muriy shikoyatiga ko‘ra ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organ, yuqori turuvchi ma’muriy organ tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa organlar tomonidan ham bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Ushbu qonunga asosan ma’muriy hujjatni bekor qilish va o‘zgartirish uchun tashabbus manfaatdor shaxslar va hujjatni qabul qilgan organ tomonidan ham qabul qilinishi mumkin. Ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish zaruriyati qonun hujjatlaridagi o‘zgartishlar, jamoat manfaatlariga bo‘lgan tahdidning oldini olish, ma’muriy hujjatning qonun hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlanganligi sababli yuzaga kelgan hollarda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ma’muriy organ o‘zi qabul qilgan ma’muriy hujjatni o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yoki o‘zgartirishga haqli hisoblanadi. Lekin ayrim hollarda ma’muriy hujjatni bekor qilish faqatgina sud tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy: qaysi hollarda ma’muriy hujjat sud va ma’muriy organ tomonidan bekor qilinadi? Ma’muriy hujjatni faqat sud tomonidan bekor qilish qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yilishi kerak.
Ma’muriy organ tomonidan esa quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin: qonun talablariga muvofiq yoki bunday imkoniyat bevosita ma’muriy hujjatning o‘zida nazarda tutilgan bo‘lsa;
– agar keyinchalik o‘zgargan haqiqiy holatlar tufayli yoki qonun hujjatlaridagi o‘zgartishlar asosida jamoat manfaatlariga zarar yetishining oldini
olish maqsadida ma’muriy hujjatni bekor qilish zarur bo‘lsa;
– agar ma’muriy hujjat bilan qo‘shimcha maj- buriyatlar bog‘liq bo‘lsa va manfaatdor shaxs ularni bajarmagan bo‘lsa;
agar manfaatdor shaxs ma’muriy hujjat asosida o‘ziga berilgan pul mablag‘laridan, buyumdan yoki huquqdan maqsadli foydalanmayotgan bo‘lsa;
agar ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish ushbu hujjat yuborilgan manfaatdor shaxs foydasiga amalga oshirilsa va bunda boshqa manfaatdor shaxslarga qiyinchilik tug‘ilmasa. Shuni ta’kidlash lozimki, xuddi shunday mazmundagi ma’muriy hujjatni takroran qabul qilish uchun boshqa asoslar mavjud bo‘lgan hollarda ma’muriy hujjatni tegishli asoslarda bekor qilishga yoki o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jaloliddin Husenov, Buxoro viloyat ma’muriy sudi sudyasi