SHARTNOMA MAJBURIYATLARINI BAJARMAGANLIKUCHUN FUQAROLIK-HUQUQIY JAVOBGARLIK
Shartnoma butun dunyoda iqtisodiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan mexanizm deyishimiz mumkin. Aslida, shartnoma kontragentlar (shartnoma taraflari) o‘zaro majburiyatlarni o‘z zimmalariga oladigan va bir-birlariga nisbatan huquqlarni qo‘lga kiritadigan kelishuvni ifodalaydi va tomonlarning bu ixtiyoriy kelishuvini konkretlashtirish hisoblanadi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, bunda taraflar shartnomaga o‘zlari xohlagan shartni kiritishlari mumkin lekin bu qonun hujjatlariga zid kelmasligi kerak. Ayrim adabiyotlarda ushbu shartlar jamoat tartibiga yoki axloqiga zid bo‘lmasligi keltiriladi.
Shunga ko‘ra shartnoma nafaqat yuridik fakt, balki yuridik akt xususiyatiga ham ega bo‘ladi. Bunga sabab shartnoma majburiyatlarning vujudga kelish asosi bo‘lishi bilan bir qatorda ushbu majburiyatlarni tartibga soluvchi huquqiy hujjat maqomiga ham ega bo‘ladi. Taraflarning huquqlarini himoya qilishda ham shartnoma huquq normasi vazifasini bajaradi.
Ma’lumki, fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilari o‘z xohish-irodalari va o‘z manfaatlari asosida harakat qilishadi. Shuning uchun ham ko‘pincha shartnomani buzish hollari uchrab turadi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy aylanmaning umumiy barqarorligiga ta’sir qiladi.
Shu munosabat bilan, shartnomani buzganlik uchun javobgarlik mavzusi har doim dolzarb bo‘lib qoladi.
Shu ma’noda fuqarolik huquqiy javobgarlik bir tarafning aybi bilan zarar ko‘rgan tomonga – kreditorga majburiyatning bajarilishi, tovon puli yoki zararning asl mohiyati sifatida ularga yetkazilgan zararning ekvivalentini anglatadi. Ya’ni mazkur javobgarlik chorasini qo‘llash orqali shartnoma majburiyatlarini bajarish ta’minlanadi. Bunday vaziyatda kreditor shartnoma bekor bo‘lish yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar qarzdordan majburiyatni bajarishni talab qilishga haqli bo‘ladi. Shunga ko‘ra fuqarolik huquqiy javobgarlik birinchi galda mulkiy zararni va buzilgan huquqni tiklash xususiyatiga ega bo‘ladi. Shartnoma bo‘yicha javobgarlikning asosiy vazifasi shartnoma buzilganligi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash va kreditorning shartnoma buzilmasidan oldingi holatini tiklash hisoblanadi.
Fuqarolik huquqiy javobgarlik institutining tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ingliz va kontinental Yevropa huquqi uchun o‘ziga xos zamin bo‘lgan Rim xususiy huquqi na fuqarolik javobgarligining umumiy tushunchasini, na shartnomani buzganlik uchun javobgarlik (ex contractu) va na delikt javobgarlikning (ex delicto) o‘ziga xos toifalarini yaratmagan. Bu yerda umumiy javobgarlik haqida fikr yuritilmoqda. Aslida shartnomaviy javobgarlik ham, delikt javobgarlik ham fuqarolik huquqiy javobgarlikning alohida turi hisoblanadi. Biz ushbu maqolada asosan shartnomaviy majburiyatni bajarmaganlik qo‘llaniladigan fuqarolik huquqiy
javobgarlik (shartnomaviy javobgarlik) haqida fikr yuritamiz.
Ta’kidlash lozimki, fuqarolik huquqiy javobgarlik institutiga katta e’tibor beradigan fransuz huquqshunosligida ham “responsabilite civile” atamasi faqat XVIII asrning oxirida paydo bo‘lgan. Faqat 1804-yilgi Napoleonning fuqarolik kodeksida tuzilgan shartnomani bajarmaganlik (1174-modda) va fuqarolik huquqbuzarliklarini sodir etganlik (1382-modda) uchun javobgarlikning umumiy formulalari, avvalambor, fransuz doktrinasi uchun yaratilgan.
Shuningdek, ushbu kodeks bilan fuqarolik javobgarligi hodisalari bir emas, balki ikkita konseptual toifalar doirasida – shartnomaviy javobgarlik (responsabilite contractuelle) va delikt javobgarlik (responsabilite delictuelle) turlariga ajratildi.
Romano-german yuridik oilasining ko‘plab mamlakatlari uchun fuqarolik huquqining manbasiga aylangan nemis fuqarolik huquqida fuqarolik javobgarligi qarzdorga uning xattiharakatlari bilan kreditorda yuzaga keladigan salbiy oqibatlar o‘rtasida sababiy bog‘lanish bo‘lsagina yuklanadi. Ya’ni shartnomada belgilangan majburiyatni bajarmaslik va kreditorga yetkazilgan zarar o‘zaro bog‘liq bo‘lganda, qarzdor fuqarolik huquqiy javobgarlikka tortiladi.
Mullabayeva Go’zal Muxtarovna,
Husenov Jaloliddin Farxodovich,
Buxoro viloyat ma’muriy sudining sudyasi.