VOYAGA YETMAGANLAR HUQUQBUZARLIGINING SABAB VA OMILLARI: OILA VA OILAVIY MUNOSABATLAR MISOLIDA
Voyaga yetmagan shaxsda huquqbuzarlik xulqi shakllanishida hamda jinoyatchilikka qo‘l urishida bir qancha omillar mavjud. Huquqshunos olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, o‘smirlar jinoyatchiligiga 200 ga yaqin omillar ta’sir qiladi . Ayniqsa, bu o‘rinda oilaning, ota-onaning roli muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 40 foizini voyaga yetmaganlar tashkil etishini hisobga olsak, bu jarayonda ota-ona, mahalla tizimi, ta’lim muassasalari, umuman, keng jamoatchilik, barchamizning zimmamizda ulkan mas’uliyat yuklaydi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan mamlakatimizning turli hududlarida o‘tkazilayotgan tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklar sodir qilinishining asosiy sabablaridan biri oiladagi nosog‘lom muhit ekanligi fikrimizni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, huquqbuzarlik sodir qilgan yoshlarning 62,2 foizi bo‘sh vaqtlarini ko‘chada, bemaqsad va nazoratsiz o‘tkazar ekan. Voyaga yetmaganlar hamda yoshlar huquqbuzarliklarining oldini olishda ota-onalarning ishtiroki tahlil etilganda, ularning 42,8 foizi farzandlari tarbiyasiga e’tiborsiz ekani, 48,7 foizi bolalarini yetarli darajada tarbiyalay olmasliklari aniqlangan.
Voyaga yetmagan shaxsning huquqbuzarlik sodir etishida oilaning o‘rni quyidagilarda ko‘rinadi: bolaning ota-ona tomonidan qanchalik nazorat qilinishi, ota-onaning bolaga qo‘llaydigan tarbiyaviy usullari, ota va ona o‘rtasidagi nizo va janjallar shuningdek, ajrashishlar, ota-onaning yoki oila a’zolarining jinoyat sodir etishi yoki etgani, ota-ona va bola o‘rtasidagi aloqalarning qanchalik mustahkamligi kabi. Konstitutsiyamizning 64-moddasida ota- onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar, deb ta’kidlanadi. Shuningdek, Oila kodeksining 100-moddasi 1-qismida“Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalarga ta’minot berishi shartdir” deb belgilangan. Jinoyat kodeksining 122-moddasida esa, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash jinoyat sifatida keltirilgan.
Aytish kerakki, ota-onaning farzandga bo‘lgan munosabati, voyaga yetmagan shaxsning
qay darajada huquqbuzarlikka qo‘l urishi yoki urmaslik masalasini bashorat qilishda birlamchi asos hisoblanadi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, respublikamizda jinoyat va huquqbuzarlikka qo‘l urayotgan bolalar, asosan, notinch, nizoli, nosog‘lom oilalarda voyaga yetayotganini ko‘rsatmoqda. Oiladagi bunday muhitga moslashgan yoki moddiy ta’minotga muhtoj bola boshqalar bilan ko‘p janjallashishi, natijada o‘g‘rilik, bezorilik kabi jinoyatlarga qo‘l urish holatlari uchramoqda.
Mutaxassislar ota-onaning bolani tarbiyalash jarayonida unga nisbatan axloqiy va boshqa munosabatlarga ko‘ra, to‘rt kategoriyaga bo‘lishni taklif etishadi. Jumladan, -tarbiya berish bilan birgalikda, bolani doim qo‘llab-quvvatlaydigan, bolaga nisbatan iliq munosabatda bo‘ladigan, bolaga o‘rnak bo‘ladigan xulq-atvorga ega, bola oldida obro‘ga ega ota-onalik; -bolaga nisbatan iliq va muloyim munosabatda bo‘ladigan va unga nisbatan hurmat shakllantirgan, lekin tarbiya va nazoratda kamchiliklarborligi bilan xarakterlanadigan ota- onalik; -qattiq tartib-intizomga tayangan, ba’zida og‘ir xulq-atvor va o‘ziga xos murakkabliklarga asoslangan tarbiya bilan xarakterlanadigan ota-onalik; -bolaga tartib va intizom jihatidan nazoratga olmaydigan. Talabchanlik va javobgarlikni bo‘yniga olmaydigan beparvo ota-onalik.
Laura. A. Berkning tadqiqotlariga ko‘ra, bolaga o‘rnak bo‘ladigan xulq-atvorga ega, uning oldida “obro‘”ga ega ota-onaning tarbiyaviy yondashuv uslubi bola uchun eng samaralisi bo‘lishi mumkin. Aksincha, psixolog Diana Baumrindning fikricha, qattiq tartib-intizomga asoslangan, avtoritar xarakterdagi tarbiyaviy muhit bola ulg‘ayish davrida muhim, chunki bola bu davrda shakllantirgan xulq-atvor butun umr saqlanib qoladi. Haqiqatdan ham ushbu fikr asosli, chunki endi ul’g‘ayib kelayotgan bola ko‘proq taqlid asosida o‘rganishga, olamni shu asnoda anglashga moyil bo‘ladi. Ushbu davrda bola qanchalik to‘g‘ri tarbiyalansa, nazorat ostida bo‘lsa, uning kelajakda huquqbuzarlikka qo‘l urish ehtimoli kamroq bo‘ladi.
Bola va ota-ona o‘rtasidagi munosabat qanchalik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi masalasi juda muhim hisoblanadi. Nazoratning qancha pastligi bolaning ota-onasi bilan munosabatlarining yomon ahvolda ekanligidan dalolat beradi. Bu kabi bolalar o‘zining xatti-harakatlarini ota-onasi bilan deyarli muhokama qilishmaydi.
Ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, o‘smirning o‘ziga yaqin, yaxshi aloqada bo‘lgan jinoyatchi aka yoki opasi bo‘lishi uning huquqbuzarlikka moyilligini oshirishi mumkin. Amaliyotda huquqbuzar uka yoki singilning akasi yoki opasining jinoyatchi bo‘lib shakllanishida ta’sir qilish holatlari kam holatlarda uchraydi. Aksincha, aka yoki opaning jinoyatchi bo‘lishi uka yoki singilning jinoyatchi bo‘lib yetishishida muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, ushbu holatda aka-uka va opa- singillar o‘rtasidagi aloqalarning qay darajada o‘rnatilganligiga bog‘liq. Masalan, aka jinoyatchi bo‘lsada, lekin uka bilan adovatda ruhida bo‘lsa, uning ukasining xulq-atvoriga ta’siri bo‘lmasligi ehtimoli yuqori bo‘lishi mumkin.
Bolani huquqbuzarlikka sodir etishida oiladagi munosabatlarning qanchalik muhim ekanligi muhim ekan, oilaviy ajrashishlarning bu o‘rindagi ahamiyatiga to‘xtalib o‘tish lozim.
Ba’zan bu jarayonga shu darajada e’tiborsiz munosabatda bo‘lamizki, atrofimizda hatto turmush qurmay turib ajrashish haqida reja qilayotgan yoshlarni, eng achinarlisi, huddi shunday ota-onalarni uchratishimiz mumkin bo‘lib qolgan. Yurtimizda 2020-yilda 28233 ta oila ajrashganligini hisobga olsak, bu naqadar jiddiy muammo ekanligini tushunishimiz mumkin. Ajrashishlarning sababi sifatida iqtisodiy qiyinchiliklar, zo‘ravonlik va tazyiqlar, oilaviy hayotga tayyor emasligi kabi holatlar keltirilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda 2019-yilning o‘zida 16-17 yoshda turmush qurgan ayollar soni 3001 tani tashkil qilgan.
Ularning ushbu yoshda turmushga ijtimoiy, hamda psixologik, fiziologik jihatdan tayyor emasligi oilada vujudga keladigan muammolarni hal etishga qodir emasliklarini ko‘rsatadi.
Ko‘p holatlarda ajrimlar yosh oilalar bilan sodir bo‘layotganligi, bolaning ko‘p holatlarda ona bilan yo‘lg‘iz qolishi, onaning farzand tarbiyasidagi vazifasini karrasiga qiyinlashishiga olib kelmoqda.
Steinbergning “O‘smirlik” nomli asarida qayd etilishicha yolg‘iz ota yoki ona bilan yashaydigan bolalar, ota-ona bilan birgalikda yashaydigan bolalarga qaraganda qashshoq yashashga va ko‘p holatlarda ularning huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqoriroq bo‘lishi ko‘rsatiladi. Biroq, Graham va Bovling tadqiqotlarida keltirilishicha, yolg‘iz ona yoki ota bilan birgalikda yashaydigan bola o‘rtasida oilaviy munosabatlar yaxshi o‘rnatiladi. Bunda ota-ona va bola emas, ona-bola yoki ota-bola o‘ziga xos sxemasi shakllanadi. Shuningdek, bolaning xatti-harakatlarini nazorat qilish yaxshi yo‘lga qo‘yiladi hamda uning huquqbuzarlikka moyilligi juda past darajada bo‘ladi. Yuqoridagi ikki fikr ham ma’lum ilmiy va amaliy o‘rganishlarga asoslangan, huquqbuzarlik hamda jinoyatchilik bugungi kunda ko‘proq ijtimoiy hodisa sifatida gavdalanayotganligini hisobga olsak, bolani tog‘ri tarbiyalash bilan birgalikda uning barkamol bo‘lishi uchun ijtimoiy ta’minlanganligi juda muhim. Ota-ona bilan birgalikda yashaydigan bolaning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy jihatdan ta’minlanganligi boshqalarga nisbatan yaxshi holatda bo‘ladi. Shuningdek, qachonki o‘smirlar nazoratsiz qoldirilsa, ularning g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga ega o‘smirlar guruhi ta’siriga tushib qolish xavfi ortadi.
Ko‘rinib turibdiki, ajrashish bu shunchaki, birgalikda yashayotgan ikki insonning alohida- alohida yashashigina emas, balki hayotga endi kirib kelayotgan bolaning taqdirini keskin o‘zgartirib yuboradigan salbiy ijtimoiy hodisa desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ajrashishlardan so‘ng, bolalarning ijtimoiy, ruhiy ahvoli qanchalik o‘rganilayapti? qanchalik huquqiy taminlangan? degan kabi masalalar hali hamon dolzarb. Birgina otaning farzandiga aliment pulini to‘lashdan qochayotganligi, bolani o‘z holiga tashlab qo‘yish bilan barobar. Albatta, iqtisodiy yetishmovchiliklar jamiyatda jinoyatlarni ijtimoiy-huquqiy hodisa sifatida gavdalantiradi.
O‘smirlar o‘rtasida bosqinchilik, o‘g‘rilik kabi jinoyatlarning kuchayishi ham aynan iqtisodiy yetishmovchiliklar, ularni o‘z vaqtida tarbiyasi, kamolga yetishishida ma’suliyatni o‘z bo‘yniga olmagan ota-onalar sababdir.
Voyaga yetmaganlar huquqbuzarligida oila, undagi ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy muhit, oilaviy ajrimlar, umuman, ota-ona va bola bilan bog‘liq oiladagi barcha munosabatlar muhim o‘rin tutar ekan, ushbu vaziyatda yuzaga keladigan muammolar o‘ziga xos yechimlarni talab qiladi. Birinchidan, oilaviy ajrimlarni kamaytirish, ajrimlar yuz bergan taqdirda ham ularning “qurboni” bo‘lgan bolalarni ijtimoiy muhofaza etishni ta’minlash. Bunda, birinchi navbatda oilaviy ajrimlar natijasida yetim qolgan voyaga yetmaganlarni ish bilan ta’minlash, imtiyozlar berish. Ikkinchidan, nizoli vaziyatdagi oilalarga psixologik, jumladan, huquqiy yordam ko‘rsatish: qonun oldida ota-onaning farzand oldidagi, farzandning ota-ona oldidagi burch va majburiyatlarini tushuntirish, bundan tashqari voyaga yetmaganlarning huquqiy savodxonligini oshirish. Sababi huquqiy savodxonlikning pastligi ham voyaga yetmaganning huquqbuzarlikka qo‘l urishishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu maqsadda ya’ni oiladagi nizolarni o‘rganuvchi, huquqiy jihatdan baholay oluvchi alohida shaxslar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim.
Ixtiyor Xolov, Buxoro tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi