Huquq ustuvorligi indeksi yo’nalishi bo’yicha sud tizimida olib borilayotgan islohotlar

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish, odil sudlovning sifat va samaradorligini oshirish, sudlarning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, sud idorasiga ishi tushgan har bir inson ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonishi kerak.

So‘nggi yillarda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar ushbu tizim faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga, odamlarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilayapti. Sohaga oid jadallashgan sa’y-harakatlar Prezidentimizning tashabbusi va alohida nazorati doirasida kechayotgani barchamizni quvontirmoqda.

Yurtimizda shiddatli tus olgan islohotlar natijasida xalqimiz hayotida juda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotir. Keyingi yetti yilda sud-huquq sohasida erishilgan marralar haqida so‘z yuritsak, ularni sanab adog‘iga yetolmaymiz. Xalq manfaati yo‘lida olib borilayotgan ishlar odamlarning sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda.

Zero, inson huquq va erkinliklarini amalga oshirish, qonunlar ustuvorligi g‘oyasini hayotga tatbiq etishni ta’minlovchi asosiy mexanizm bo‘lmish mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish va takomillashtirish O‘zbekistonda davlat tomonidan olib borilayotgan huquqiy siyosatning tamal toshi hisoblanadi.

O‘tgan qisqa davrda sud-huquq tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan tarixiy o‘zgarishlarga qo‘l urildi. Mamlakatimizda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat darajasida belgilandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham sud organlarini fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil organga aylantirish eng muhim vazifa etib belgilangani e’tiborga molik.

Xususan, Bosh qomusimizning 136-moddasida “Sudyalar mustaqildirlar, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi”, deb belgilab qo‘yildi.

Shu jihatdan, sohada amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash imkonini bermoqda.

Sud-huquq tizimini rivojlantirishga qaratilgan jiddiy o‘zgarishlar tufayli mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi ham yuksalmoqda. Jumladan, sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo‘yicha Meros jamg‘armasi (The Heritage Foundation) tomonidan yuritiladigan Iqtisodiy erkinlik indeksining “Sud faoliyati samaradorligi” indikatori, Butunjahon odil sudlov loyihasi tomonidan yuritiladigan Huquq ustuvorligi indeksining “Fuqarolik odil sudlov”, “Jinoiy odil sudlov” indikatorlari kabi xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning nufuzi oshmoqda.

Xususan, 2023-2026 yillarda sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli Strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturi tasdiqlandi.

Harakatlar dasturida sud tizimini yanada isloh qilishga qaratilgan asosiy ustuvor yo‘nalishlar, maqsad va vazifalar sifatida “Xabeas korpus” institutini amaliyotga yanada kengroq joriy etish, sudyalar ixtisoslashuvini yanada kengaytirish, sud ishlarini ko‘rishda yagona sud amaliyotini ta’minlash, sudyalar mustaqilligini ta’minlashning yangi mexanizmlarini yaratish, sud hokimiyatining nufuzi, mavqei va obro‘sini yanada yuksaltirish choralarini ko‘rish va boshqa muhim masalalar hamda ularni amalga oshirish mexanizmlari, muddatlari va mas’ul organlar aniq belgilab berildi.

Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash borasida mas’ul davlat organlari tomonidan tegishli taklif va normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanmoqda. Shu nuqtai nazardan aytganda, mazkur farmon sud-huquq jarayonlarini yanada takomillashtirish va xalqaro standartlarni integratsiyalashga qaratilgan islohotlarning sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, sud qarorlarining qonuniyligi, samaradorligi, sudlar faoliyati oshkoraligi hamda sudyalar mustaqilligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa adolatli va bashorat qilinadigan odil sudlovni ta’minlashga zamin yaratadi, fuqarolar va tadbirkorlarning sud-huquq tizimiga ishonchini oshiradi.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari samarali himoyasini ta’minlashda tizimli islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, 2017-yilda mamlakatimiz tarixida ilk marotaba ma’muriy sudlar tashkil qilinganligi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari va mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

O‘tgan davrda ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan 120 mingga yaqin ariza va shikoyatlarning 57 foizi qanoatlantirilib, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlari tiklanganligi ham ma’muriy sudlarning qonun ustuvorligini ta’minlash hamda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishda muhim institut sifatida shakllanganligini ko‘rsatmoqda.

Bu borada ma’muriy sudlar zimmasiga shikoyatlarni ko‘rib chiqishda “faol ishtirok etish” tamoyili asosida nizoni to‘g‘ri hal qilish uchun dalillarni mustaqil yig‘ish majburiyati yuklangani, sud qarori ijrosini ta’minlamagan mansabdor shaxslarga jarima qo‘llash vakolati berilgani ham ushbu institut takomillashib borayotganligidan dalolat beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, xalqaro standartlarga javob beradigan sud-huquq tizimining rivojlanishi mahalliy va xorijiy investorlarda qiziqish va ishonchni uyg‘otadi. Tadbirkorlik sohasi vakillari nizolar yuzaga kelganda o‘z huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qiladi. Bu esa investitsiya jalb etish va iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

                  Buxoro viloyat ma’muriy sudi sudyasi

                 A.M. Bazarov