Ma‘muriy hujjatning nazariy-huquqiy tahlili
Boshqa huquq sohalariga qaraganda ma’muriy huquq sohasidagi ma’muriy hujjatlar tushunchasiga juda ko‘p duch kelamiz. Sababi ma’muriy hujjatlar kundalik hayotda juda ko‘p uchraydi. Misol uchun, yerdan foydalanish to‘g‘risidagi hokim qarori yoki litsenziya olish bilan bo‘g‘liq, notarial tasdiqla- nadigan va boshqa ruхsat beruvchi hujjatlar. Ushbu hujjatlarning boshqa hujjatlardan qanaqa farqli jihatlari va o‘ziga xos xususiyatlari bor degan savol tug‘iladi. Ma’muriy hujjatlarning huquqiy maqomi masalasi ancha payt turli muhokama va bahs- munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu masalaga 2018yil 8-yanvar kuni uzil-kesil chek qo‘yildi. Sababi ayan shu kuni O‘zbekiston Respublikasining“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun ma’muriy hujjatlar- ning to‘liq huquqiy maqomini ochib berdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi, chunki ushbu qonunning eng asosiy qismini ma’muriy hujjatlarni qabul qi- lish, bekor qilish, o‘zgartirish va haqiyqiy emas deb topish bilan bog‘liq normalar tashkil etadi. Qonunning 4-moddasida ma’muriy hujjat tushunchasiga alohida ta’rif berilgan bo‘lib, unga binoan “Ma’muriy hujjat – ma’muriy organning ommaviy huquqiy munosabatlarni yuzaga keltirishga, o‘zgartirishga yoki tugatishga qaratilgan hamda ayrim jismoniy yoki yuridik shaxslar uchun yoxud muayyan xususiy belgilariga ko‘ra ajratiladigan shaxslar guruhi uchun huquqiy oqibatlar keltirib chiqaruv- chi ta’sir chorasidir”. “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun asosida fikr yuritar ekanmiz, birinchi navbatda, ma’muriy tartib-taomillar haqida olimlar fikrlarini keltirib o‘tamiz. Bu borada ko‘plab olimlar o‘z nuqtai nazarlarini bildirishgan. Jumladan, ma’muriy tartib-taomillar fuqarolarning (ommaviy) ma’muriyat bilan bo‘ladigan huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan va huquq subyektlarining o‘z huquq va majburiyatlarini amalga oshirish (ro‘yobga chiqarish)iga qaratilgan munosabatlar (S.Z. Jenetel), manfaatdor shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydigan protsessual (ijobiy) faoliyatga qaratilgan munosabatlar (Y.A. Tixo- mirov), fuqaro va tashkilotlarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishni ta’minlashga xizmat qiladigan maxsus mazmundagi protsessual munosabatlar (O.V. Morozova). Bu kabi tushunchalar tahlilini boshqa olimlarning asarlarida ham ko‘rish mumkin.
Bundan tashqari, bir qator davlatlar, misol uchun, Yaponiya qonunchiligiga ko‘ra ma’muriy tartib-taomillarga faqat ma’muriy hujjatni qabul qilish bilan bog‘liq ma’muriy-huquqiy (ijobiy) tartibga solish (regulyativ) masa- lalarini kiritish mumkin. Shundan kelib chiqqan holda ma’muriy hujjat tushunchasini batafsil yoritib berish uchun rivojlangan xorijiy davlatlar qonunchiligiga murojaat qilamiz. Birinchilardan bo‘lib ma’muriy hujjat tushunchasi Fransiya qonunchiligida ishlatila boshlangan va fransuz huquqi orqali kontinental huquqiy oila- ning barcha mamlakatlari tomonidan qabul qilingan. Germaniyada Ikkinchi jahon urushi tugashidan oldin ma’muriy hujjatning yagona me’yoriy konsepsiyasi mavjud bo‘lmagan. Buning o‘rniga qonun, buyruq, qaror, ruxsatnoma, vakansiya va shunga o‘xshash narsalar mavjud bo‘lgan
Ma’muriy hujjatning birinchi me’yoriy hujjatlari sifatida davlat boshqaruvi organi tomonidan muayyan munosabat bilan qabul qilingan ma’muriy yoki huquqiy hujjat hisoblanishi va boshqaruvning normativ aktidan farqli o‘laroq ma’muriy hujjat huquqiy normalar yaratmasligi, balki bevosita muayyan huquqiy munosabatlar, odatda, ma’muriy-huquqiy munosabatlarni yuzaga keltirishi, tugatishi yoki o‘zgartirishi ta’kidlangan.
Bundan xulosa qiladigan bo‘lsak, ma’muriy hujjatlar ushbu boshqaruv organining vakolati doirasida chiqariladi va belgilangan tartibda ijrochilar e’tiboriga yetkaziladi.Germaniya Federativ Respublikasi ma’muriy qonunchiligidagi ma’muriy hujjatning me’yoriy ta’rifidan oltita xususiyat ajralib turadi, ularning bajarilishi ma’muriy hujjatning mavjudligini ko‘rsatadi.
ushbu chora ma’muriy organ tomonidan amalga oshirilishi;
o‘lchov kuchi;
ommaviy huquq o‘lchovi;
tartibga solishga qaratilgan bo‘lishi;
maxsus ish (ushbu chora muayyan ishni tartibga solishi kerak);
tashqi huquqiy harakatga qaratilgan chora- tadbirlardan iborat bo‘lishi.
Bundan kelib chiqadiki, ko‘rilayotgan chora ma’muriy organ tomonidan amalga oshirilishi natijasida qabul qilingan hujjat bo‘lishi, muayyan o‘lchov kuchiga, ya’ni ma’muriy organ o‘z kuchidan bir tomonlama foydalansa, avtoritetli harakat qiladi. Bu xususiyat, xususan, ma’muriy jamoat huquqi shartnomasidan ma’muriy harakatni farqlash uchun muhimdir.
Ma’muriy hujjatning shakli. Ma’muriy qonunchiligimizga binoan ma’muriy hujjat yozma bo‘lishi lozim. “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 52-moddasiga binoan ma’muriy hujjat yozma shaklda qabul qilinadi. Ushbu moddaning ayni shu qismida ta’kidlanishicha, qonun hujjatlarida ma’muriy hujjat boshqa shaklda, jumladan, boshqa tegishli hujjatni berish yoki muayyan harakatlarni amalga oshirish yo‘li bilan qabul qilinishi mumkinligi hollari nazarda tutilishi mumkin. Bu borada xorijiy tajribaga qaraydigan bo‘lsak, Germaniya davlatida ma’muriy hujjat yozma bo‘lishi lozimligi to‘g‘risidagi norma mavjud emas va Rossiya, MDH davlatlarida ham ma’muriy hujjat tushunchasi faqat yozma tarzda qabul qilinishi belgilanmagan. Rossiya, MDH va Yevropaning ko‘plab davlatlarida ma’muriy hujjat emas, ma’muriy akt tushunchasi qo‘llanadi. Sababi ma’muriy aktlar turli harakatlar, shartli belgilar, muayyan huquqni berish kabilar bilan ham amalga oshiriladi. Masalan, Germaniya Federativ Respublikasida yo‘l belgilariga ham ma’muriy akt sifatida qarashmoqda
Ma’muriy hujjatning mazmuniga qo‘yiladigan talablar
“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 53-moddasiga binoan ma’muriy hujjat qonuniy, asoslangan, adolatli, aniq va tushunarli bo‘lishi kerak. Ushbu moddaga asosan ma’muriy hujjatda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim
– ma’muriy hujjatning nomi va qabul qilingan sana;
– ma’muriy hujjatni qabul qilgan ma’muriy organning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
– ma’muriy ish yuritish ishtirokchilari to‘g‘risidagi axborot;
– ma’muriy hujjat orqali hal qilinadigan masalaning tavsifi (tavsif qismi)
– ma’muriy hujjatning asosi (asoslantiruvchi qismi);
– qabul qilingan qaror bayoni (xulosa qismi);
– ma’muriy hujjat ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi;
– ma’muriy organning ma’muriy hujjatni qabul qilgan mansabdor shaxsi (kollegial organ a’zolari) ning lavozimi, ismi va familiyasi. Yuqoridagi talablarga javob bergan ma’muriy hujjat aniq va tushunarli hisoblanadi. Keyingi qismiga qaraydigan bo‘lsak, ma’muriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) asosida qabul qilinadigan hujjatlarga ham alohida talablarqo‘yilishi mumkin. Ma’muriy ixtiyoriylik (diskretsion vakolat) asosida qabul qilingan ma’muriy hujjatda quyidagilar nazarda tutilishi mumkin:
– muayyan huquq yoki majburiyatning kuchga kirish, o‘z kuchini yo‘qotish payti yoki amal qilish muddati;
– muayyan hodisaga yoki kelajakda huquq yo- xud majburiyatning kuchga kirishi yoki o‘z kuchini yo‘qotishi bilan bog‘liq bo‘lgan shartga doir ko‘rsatma;
– ma’muriy hujjatni bekor qilish huquqi yoki kelgusida qo‘shimcha farmoyishlar berish huquqi ma’muriy organda saqlanib qolishi to‘g‘risidagi izoh;
– adresatga muayyan harakatlarni amalga oshirish, amalga oshirishga yo‘l qo‘yish yoki amalga oshirishdan tiyilish xususida ko‘rsatma beruvchi qo‘shimcha farmoyishlar. Demak, ma’muriy hujjat asosli bo‘lishi va mazmun jihatdan ma’lum bir talablarga javob berishi lozim. Bundan tashqari, ma’muriy hujjatning asoslantiruvchi qismida qabul qilingan ma’muriy hujjatning barcha haqiqiy va yuridik asoslari keltirilishi kerak. Ma’muriy hujjatni asoslantirish chog‘ida ma’muriy organ tekshirilmagan yoki ma’muriy ish yuritish jarayonida ma’muriy ishga qo‘shib qo‘yilmagan yoxud ma’muriy ish yuritish ishtirokchilariga tanishish imkoniyati berilmagan dalillarga tayanishga haqli emas.
Ozodjon Rajabov, Buxoro viloyat ma’muriy sudi sudyasi