Yolg’on xabarlar tarqatishga qarshi kurash uchun qonunchilikka o’zgartirish kiritish bo’yicha
Bugungi kunda Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlar axborot isteʼmolchilari uchun asosiy manba boʻlib qolmoqda. Elektron ommaviy axborot vositalari ham oʻzlarining tegishli profil va kanallari orqali maʼlumot tarqatmoqda. Buning sababi barcha oʻz vaqtini internetda ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazishga sarf qilayapti.
Albatta, tanganing ikki tomonini koʻra bilish lozim. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali yangi doʻstlar orttiriladi, mavjudlari bilan aloqalar mustahkamlab boriladi, uydan yoki ofisdan chiqmay turib xaridlar qilinadi, mahsulot narxlari haqida maʼlumotga ega boʻlinadi va yangiliklardan soniyalar ichida xabardor boʻlish imkoniyati mavjud. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining yarmi brend mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarining sahifalariga obuna boʻlishgan.
Tanganing ikkinchi tomoniga nazar tashlanadigan boʻlsa, Internet va undagi ijtimoy tarmoqlarning ommalashuvi, vaqt va makon tushunchalariga yondashuvning oʻzgarishi va globallashuv jarayonining kuchayishidan baʼzi birovlar boshqa maqsadda foydalanmoqda. Ularning baʼzilari bu orqali piar yaratmoqchi boʻlsa, baʼzilari kimlarnidir obroʻsizlantirishni, aholi oʻrtasida vahima uygʻotishni, turli boʻhtonlar tarqatib, davlat hokimiyati organlari obroʻsini toʻkishni maqsad qilgan. Olib borilgan tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, Internetda, xususan, ijtimoy tarmoqlarda har kuni millionlab yolgʻon xabarlar tarqatiladi. Ularning oqibatlari ham turlicha. Baʼzilari hech qanday ahamiyatga ega boʻlmasa, baʼzilari esa ishonarliligi bilan kishini shoshiltiradi.
Shu sababli dunyo davlatlari Internetda tarqatilayotgan yolgʻon xabarlarga qarshi kurashish, ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha fikr yuritmoqda. Jumladan, Malayziyada 2018 yil aprelida “Yolgʻon xabarlarga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Anglo-sakson huquq tizimiga asoslangan ushbu davlatda yolgʻon xabar tarqatganlik uchun Qonunning 4-moddasida 500 000 ringit (168 ming AQSH dollari) va 6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan edi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, yaʼni 2018 yilning avgust oyida mazkur qonun bekor qilindi. Bunga jamoatchilikning Qonunga eʼtirozi, huquq himoyachilarining noroziligi sabab boʻldi. Ularning fikricha, qonun fuqarolarning soʻz erkinligiga boʻlgan huquqini cheklashni koʻzlagan. Qonun oʻzi amalda boʻlgan davr mobaynida koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻlgan edi.
Keyinchalik Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tomonidan yolgʻon xabar tarqatayotgan ommaviy axborot vositalariga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllashni nazarda tutuvchi qonun qabul qilinishi eʼlon qilindi. Jamoatchilik fikrini boshqarishga qaratilgan axborotlar tarqalishining oldini olish maqsadida shunday qilish zarurligi taʼkidlandi. Bu ham muxolifatning eʼtiroziga sabab boʻldi. Muxolifat vakillari ham bu OAV erkinligiga tahdid soluvchi hujjat boʻlishini, axborot olish va tanlash erkinligi esa fuqarolarga tegishli ekanini taʼkidladilar.
Yolgʻon axborotga qarshi kurashish boʻyicha alohida qonun hujjati ishlab chiqishning zarurati yoʻq. Faqatgina ularga nisbatan kurashni kuchaytirish maqsadida qonunchilikka oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish lozim boʻladi. Xususan, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 121-moddasi 3-qismida belgilangan talablarga amal qilinmagan taqdirda veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin.
Ammo amalda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qanaqa tartib belgilanganligi va qanday organ maxsus vakolatli organ hisoblanishi toʻgʻrisida amaldagi qonunchilikda biron-bir normativ-huquqiy hujjat mavjud emas.
“Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasida koʻrsatilgan “soʻrovga iloji boricha qisqa muddatda, agar qonun hujjatlarida boshqa hol nazarda tutilgan boʻlmasa, soʻrov olingan sanadan boshlab oʻn besh kundan kechiktirmay javob qaytarilishi kerak” hamda “agar soʻrov tushgan organ yoki mansabdor shaxs soʻralayotgan axborotga ega boʻlmasa, murojaat etuvchiga bu haqda soʻrov olingan sanadan boshlab yetti kundan kechiktirmay maʼlum qilishi, shuningdek, imkoniyatga qarab, unga bunday axborotga ega boʻlgan organning yoki mansabdor shaxsning nomini maʼlum qilishi shart” normalarini oʻzgartirish va koʻrsatilgan muddatlarni qisqartirish orqali maqbul variantlarni ishlab chiqish lozim.
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunda shaxslar qatori yolgʻon maʼlumotlarni tarqatgan ommaviy axborot vositasiga ushbu faktni OAVning oʻzi aniqlagan hollarda oʻz tashabbusiga koʻra axborot boʻyicha raddiya berish huquqini berish kerak.
Ozodjon Rajabov, Buxoro viloyat ma’muriy sudi sudyasi