DAVLAT BOSHQARUVIDA QONUNIYLIKNI TA’MINLASH

Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.
Bugungi zamonaviy davlat boshqaruvida qonuniylikni taminlash muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 15-moddasiga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi” deb belgilangan. So‘ngi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari asosida davlat faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tuzumasi, ularning huquqiy holati, o‘zaro munosabatlari qayta ko‘rib chiqilib, zamon talablari darajasida tashkil etilmoqda. Jamiyat rivojlanishi bilan turli xildagi yangi ijtimoiy munosabatlar vujudga kelib, ularni huquqiy tartibga solish muommosi paydo bo‘ladi. Bu muommlarni yechimini topishda qonuniylik prinsipiga tayanishimiz kerak bo‘ladi. Davlat boshqaruvining asosiy prinsiplaridan biri ham qonuniylikdir. Qonuniylik tushunchasi haqida ko‘plab olimlar turlicha fiklar bildirishgan. Masalan D.N.Baxraxning fikriga ko‘ra qonuniylik mazmunini aniqlashda birinchi navbatda qonunlarning sifatiga etibor qaratish ya’ni uning ijtimoiy munosabatlarga, huquqqa mos kelishini aniqlash kerak. Qonunlar ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi o‘ziga xos vosita sifatida, jamiyatda mavjud bo‘lgan iqtisodiy darajaga, tashkilotchilik, madaniyat va axloqiy qoidalarga mos bo‘lishi kerak. Qonuniylik davlat huquqining jamiyat va fuqarolar manfaati yo‘lida legalizatsiyalash vositasi bo‘lishi kerak.
Qonuniylik – bu yuqori sifatli huquqiy normalarning yetarlicha mavjud bo‘lishi va barcha huquq subyektlari tomonidan unga qat’iy rioya etilishidir.
Demak qonuniylik – bu qonunlar va ularga muvofiq chiqarilgan huquqiy hujjatlarga barcha davlat organlari, mansabdor va boshqa shaxslarning ogʻishmay amal qilishiga aytiladi.
Qonuniylik demokratiya va huquqiy davlat elementlaridan biri hisoblanadi.
Y.M.Kozlov davlat boshqaruvida qonuniylikning quyidagi asosiy xususiyatlarini ko‘rsatib o‘tadi: Birinchidan, barcha uchun qonunlarning majburiyligi. Aynan unda qonun talablarining ustunligi, uning oliy yuridik kuchini ko‘rish mumkin. Hech kimga qonunni chetlab o‘tishga yoki qonundan o‘zini ustun qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi;

Ikkinchidan, qonuniylikning yagonaligi bu mamlakat hududida qonun va qonunga asoslangan hujjatlar bir xilda tushunilishi va qoʻllanilishini tushunishimiz mumkin; Uchinchidan, qonuniylik va maqsadga muvofiqlikning mos kelishi. Qonunning o‘zi maqsadga muvofiqlikni namoyon bo‘lishining yuqori darajasidir; To‘rtinchidan, qonuniylik va aholi huquqiy madaniyatining chambarchas bog‘liqligi; Beshinchidan, har qanday qaror qabul qilinganda, qonuniylik va adolat birinchi o‘rinda turishi lozim; Oltinchidan, davlat boshqaruvida qonuniylikni buzganlik uchun javobgarlik muqarrar belgilanganida, ta’minlanishi mumkin.
Qonun va qonunosti hujjatlarga toʻla rioya etishni taʼminlovchi vosita va sharoitlar qonuniylikning kafolatlari hisoblanadi. Bunday kafolatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, tashkiliy, mafkuraviy, maxsus yuridik jihatlari bor. Jamiyatning iqtisodiy riuvojlanish darajasi, turli shakldagi mulkchilik. jamiyatdagi iqtisodiy erkinliklar qonuniylikning ijtimoiy-iqtisodiy kafolati boʻladi. Siyosiy hurfikrlilik, koʻppartiyaviylik, davlat tuzumining demokratik tamoyillarga mosligi qonuniylikning siyosiy kafolatini belgilaydi. Qonun va qonunga asoslangan hujjatlarni tatbiq etish va ularning nazoratini taʼminlovchi samarali mexanizmning mavjudligi qonuniylikning tashkiliy kafolatidan darak beradi.
Aholining huquqiy ongi darajasi, axloqiy tarbiyasi qonuniylikka mafkuraviy kafolat beradi.
Qonuniylikning taʼminlanishi uchun amaldagi qonunchilikda mavjud usul va vositalar maxsus yuridik kafolat vazifasini bajaradi.
Davlat boshqaruvida qonuniylikni ta’minlashda davlat boshqaruvi organlari tomonidan qo‘llaniladigan bir necha usullar mavjud bo‘lib, ular davlat boshqaruv organlarining kontrol va nazorat faoliyati hamda fuqarolarning murojatlari orqali amalga oshiriladi.
Shu jumladan bu borada mamlakatimizda qonuniylikni taminlashda davlat boshqaruv organlari huquqiy asoslarini yaratish va yaratilganlarini qayta ko‘rib chiqish masalasi qo‘yilmoqda. Davlat boshqaruvida qonuniylikni taminlashda Prezidentlik instituti ham muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolarning huquqlariga va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya va qonunlariga rioya etilishining kafilidir deb belgilab qo‘yilgan.
Bu borada Prezident virtual qabulxonasi tashkil etildi. Prezident Xalq qabulxonalari davlat organlari bilan aholi o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, dolzarb muammolarni aniqlash, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan murojaatlarning ko‘rib chiqilishini ta’minlashda o‘ziga xos samarali mexanizmga aylandi. Bugungi kunga kelib Prezident virtual qabulxonasiga 4 million 988 960 ta murojat kelib tushgan va shulardan 4 million 882 125 tasi ko‘rib chiqilgan.
So‘ngi yillarda davlat boshqaruvida qonuniylikni ta’minlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimi qayta ko‘rib chiqildi. Bu borada sud tizimini isloh qilinilayotganligini alohida takidlab o‘tishimiz darkor. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034 sonli farmoni sud tizimini yangi bosqichga olib chiqdi. Bunda sud tizimi qayta takomillashtirilib vazifalar aniq taqsimlanib, sud mustaqilligi ta’minlandi.
Bu islohotlar inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda va davlat boshqaruvida qonuniylikni taminlanishida muhim qadam bo‘ldi.

Ixtiyor Xolov, Buxoro tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi.